THE (Times Higher Eduation) xalqaro reyting agentligi bilan hamkorlik uchrashuvi haqida

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Respublika OTMlarini kelgusida dunyo universitetlari reytingi roʻyxatiga kirishiga koʻmaklashish maqsadida olib borayotgan xalqaro hamkorlik ishlarini davom ettirmoqda.

Jumladan, 2018 yil 19 dekabr kuni Davlat inspeksiyasida THE agentligining Rossiya va MDH davlatlari boʻyicha mintaqaviy direktori Yegor Yablokov bilan Uzluksiz taʼlim sifati monitoringi bosh boshqarmasi boshligʻi Ayubxon Radjiyev, Uzluksiz taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash monitoringini olib borish va sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Akbar Alimovlar oʻrtasida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Ye.Yablokov Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda boʻlayotgan oʻzgarishlarni va ayniqsa taʼlim tizimiga hukumat tomonidan alohida eʼtibor qaratilayotganligini ijobiy baholab, bugungi kunda Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida rivojlanishga intilayotgan eng ilgʻor mamlakatlardan biri ekanligini taʼkidladi.

Maʼlumki, Times Higher Eduation xalqaro reyting agentligi 2004 yildan boshlab dunyo universitetlari reytingi bilan shugʻullanib kelmoqda, uning bu boradagi asosiy hamkorlari Thomson Reuters – yetakchi xalqaro axborot agentligi hamda Elsevier – yirik ilmiy nashriyot kompaniyasi hisoblanadi.

THE agentligi asosan Thomson Reuters maʼlumotlariga tayangan holda 400 ta eng ilgʻor dunyo universitetlarining reytingini tuzadi va har yili sentyabr – oktyabr oylarida reytingni yangilab turadi.

THE metodologiyasining oʻziga xosligi shundaki, tanlangan indikatorlar tekshirish uchun juda qulay va oson boʻlib, mavhum holatlar uchramaydi. THE metodologiyasi boʻyicha quyidagi 13 ta indikatorlardan foydalaniladi: Xorijiy talabalar ulushi – 2,5%; Xorijiy professor-oʻqituvchilar ulushi – 2,5%; Web of Science bazasida xorijlik hammualliflar bilan chiqarilgan maqolalar – 2,5%; Ilmiy tadqiqotlar saviyasi boʻyicha oʻtkaziladigan soʻrov natijasi – 18%; Ilmiy faoliyatdan olingan daromad – 6%; Bitta professor-oʻqituvchiga Web of Science bazasida toʻgʻri keladigan maqolalar soni – 6%; Iqtisobliklar darajasi – 30%; Iqtisodiyotning real sektoridan olingan daromadlar – 2,5%; Taʼlim sifati boʻyicha oʻtkaziladigan soʻrov natijasi – 15%; Professor-oʻqituvchilar va talabalar nisbati – 4,5%; Ilmiy darajali professor-oʻqituvchilarning ilmiy darajasi yoʻq oʻqituvchilarga nisbati – 2,25%; Hisob yilida ilmiy daraja olganlar soni – 6%; Yil yakunida universitetning jami daromadlari – 2,25%.

Uchrashuv ochiq muloqot tarzida oʻzaro fikr almashinuvlar asosida kechdi. Unda Davlat inspeksiyasi bilan Times Higher Eduation agentligi oʻrtasida kelgusida amalga oshiriladigan quyidagi hamkorlik yoʻnalishlari haqida kelishib olindi:

Oʻzbekiston milliy reyting tizimi metodologiyasini THE bilan hamkorlikda takomillashtirish, zarur taklif va tavsiyalar berish;

THE agentligi tomonidan har yili oʻtkaziladigan sammit aʼzoligiga Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini qoʻshish;

Milliy OTMlarni THE metodologiyasi asosida tayyorlash boʻyicha konsalting xizmatini yoʻlga qoʻyish va h.k.

Eslatib oʻtamiz, Ye.Yablokov yaqinda 23 noyabrda Toshkent shahrida QS, Times Higher Education kabi dunyoning yetakchi reyting agentliklari, Elsevier kompaniyasi va Rossiyaning “5-100” loyihasi rahbarlari va masʼullari ishtirokida oʻtkazilgan ilm-fan forumida Oʻzbekiston olimlarini mukofotlash jarayonida ishtirok etib, THE metodologiyasi haqida mahorat darsi oʻtkazgan.

Uzluksiz taʼlim sifati monitoringi bosh boshqarmasi, A.Alimov

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

*