YuNESKO xalqaro tashkilotining 2018 yil 16 noyabrdagi ED/PLS/HED/18/262-sonli taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimlari “Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risida”gi Global Konvensiya loyihasini tayyorlash bo‘yicha Parij shahrida, xizmat safarida bo‘lib, 5-7 dekabr kunlari YuNESKO shtab kvartirasida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etishdi.
Global Konvensiya matni muhokamasida oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’limni davom ettirish, oliy ma’lumotga ega bo‘lish, uning ma’lum kursini yoki to‘liq bitirganlik to‘g‘risida diplom olish uchun bir davlatdan boshqa davlatga o‘tish, xorijiy davlatlarda oliy ma’lumot olish masalasi va u bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, bunday jarayonga 2002 yilda butun dunyoda 1,2 mln. nafar shaxs ishtirok etgan bo‘lsa, mazkur holat bugungi kunda 4,6 mln. nafarni tashkil etmoqda hamda 2020 yilga borib 8 mln.dan oshib ketishi mo‘ljallanmoqda.
Ushbu muammoning oldini olish uchun YuNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan 2016 yilning mart oyida (38-sonli yalpi yig‘ilishida, 12-rezolyusiya) muammoni xalqaro darajada hal etilishi uchun “Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risida”gi Global Konvensiyani ishlab chiqish qaroriga kelingan. Joriy yilning 5-7 dekabr kunlari o‘tkazilgan halqaro Konferensiyada 71 ta davlatdan jami 276 nafar, shundan 248 nafar ekspert va mutaxassislar, 28 nafar kuzatuvchilar ishtirok etishdi. Konferensiyaning ochilishida YuNESKO bosh direktori o‘rinbosari janob M.XING QU ishtirok etib, tadbirni ochib berdi. Konferensiya prezidentligiga Norvegiyalik ekspert Stig Arne, (Director of Foreign Education / NOKUT, Norwegian ENIC-NARIC) saylandi. Tahrir hay’ati rahbari Lis Kambrill (Australien Gouvernement departement of education)Konvensiya loyihasi matni ustida olib borilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi. Konferensiyada Afrika davlatlari, Arab davlatlari, lotin Amerikasi, Yevropa va Osiyo davlatlari vakillari ishtirok etdilar. Sobiq ittifoqdan Rossiya federatsiyasi, Boltiq bo‘yi Respublikalari Latviya, Litva, Estoniya, shuningdek Belorussiya, Ukraina, Yaponiya, Koreya va shu kabi davlatlar ekspertlari faol ishtirok etdilar.
Global konvensiya barcha a’zo bo‘ladigan davlatlar imkoniyatlari va qiziqishlarini hisobga olishi lozimligi tufayli matn loyihasi batafsil muhokamaga qo‘yildi.
Konvensiya loyihasi asosan 3 ta holatga e’tiborni qaratadi.
1) Ma’lumot to‘g‘risidagi to‘liq (diplom, yoki to‘liq bo‘lmagan (attestat, bir OTMdan boshqa davlatdagi OTMga ko‘chirish to‘g‘risida) hujjatlarni to‘liq yoki qisman tan olish;
2) Lissabon, Tokio kabi oldingi konvensiyalar matnlariga asoslanish, unda ko‘zda tutilgan qoidalarga zid bo‘lmagan talablarni qamrab olish;
3)Hayotda qiyinchiliklarga duch kelayotgan qochoqlar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, bir davlatdan boshqa davlatga yoki o‘zining mamlakatining ichida turg‘un yashamayotgan shaxslar uchun ta’lim olishlari uchun, hujjatlarini tan olish bo‘yicha muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rish.
Biron davlatda oliy ma’lumot olib boshqa bir davlatga borib ishlash uchun imkoniyatlar yaratish masalasi ham ushbu Konvensiya matnida ko‘rilgan va u ko‘proq har bir davlatning milliy tartib qoidalari, ish beruvchining malaka talablari doirasida tan olinishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu konvensiyaga qadar amalda hududlararo konvensiyalar bo‘lgan, ya’ni YuNESKO rahnamoligida 1970 yillardan ushbu davrga qadar ta’lim, ilm va bilimni hamda hujjatlarini tan olish bo‘yicha 6 ta Konvensiya qabul qilingan. Ular Lotin Amerikasi va Karb havzasi mamlakatlari bo‘yicha (1974 y), O‘rta yer dengizi konvensiyasi (1976 y.), Arab davlatlari uchun Konvensiya (1978 y.), Afrika davlatlari bo‘yicha (1981 y.), Osiyo va tinch okeani davlatlari bo‘yicha (1983 y.) va Yevropa davlatlari uchun. Shundan Yevropa davlatlari uchun eng oxirgi yangilangan “Evropa hududida oliy ma’lumotga tegishli malakalarni tan olish Konvensiyasi” 1997 yil 11 aprelda Portugaliya poytaxti Lissabon shahrida qabul qilingan va hozir amalda, xuddi shunday Osiyo va Tinch okeani davlatlari bo‘yicha 1983 yilda Bankokda qabul qilingan Konvensiya o‘rniga 2011 yil 26 noyabrda Yaponiya poytaxti Tokioda yangilangan Konvensiya qabul qilingan va u ham hozir amalda kuchga ega.
Mazkur “Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risida”gi Konvensiya loyihasi bir nechta asosiy bobdan iborat bo‘lib, aholi ehtiyojini qondirish, tomonlar talablariga barovar javob beradigan imkoniyat yaratish va o‘quvchi, talabalar imkoniyatlarini yaratish eng asosiy vazifalar hisoblanadi.
Tunis, Hindiston, Ganga davlatlari ta’limni tan olishda hujjatdan ko‘ra ko‘proq e’tiborni talabgorlarning malakasi, kompetensiyasiga qaratish kerakligini qayd etishdi. Yevropa davlatlari tomonidan ushbu jarayon MSKO (ta’lim klassifikasyasi xalqaro standart)ga bog‘liqligi, milliy malaka talablariga bog‘liqligi, oliy ta’lim tizimidagi Boloniya deklaratsiyasi talablariga uzviy bog‘liq jihatlari qayd etildi.
Shuningdek, Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan bakalavr yoki magistr diplomi bilan bir davlatdan boshqasiga borib ishlash uchun diplomlarni tan olish masalasiga kamroq, oliy ma’lumot olish uchun o‘qishga yo‘l ochish masalasiga ko‘proq e’tibor qaratildi.
Xulosa shuki, qabul qilinadigan Konvensiya qog‘oz uchun emas insonlarning, butun dunyodagi ilmi toliblarning ta’lim olishi bilan bog‘liq muammolarni hal etishga xizmat qilishi lozim.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘lim boshlig‘i G.Jabbarova
Pedagog kadrlar sifati nazorati, ta’lim hujjatlarini legallashtirish, tan olish va nostrifikatsiya qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Nasirov